Search

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi NNTlar orasida tanlov e'lon qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Nodavlat notijorat tashkilotlariga qarz mablag‘lari ajratish bo‘yicha ochiq tanlov

E’LON QILADI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 iyundagi “Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish dasturlarini samarali amalga oshirish hamda ularning tadbirkorlik faoliyati uchun mikrokreditlar ajratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 388-son qarori asosida Nodavlat notijorat tashkilotlarga qarz mablag‘lari ajratish bo‘yicha ochiq tanlov o‘tkaziladi.

 

2 mln. AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli qarz mablag‘lari 5 yil muddatga hududlar kesimida taqsimlangan holda, har bir hudud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) uchun alohida ochiq tanlov o‘tkazilishi belgilangan. Tanlovda respublikada faoliyat yurituvchi yoshlar va xotin-qizlarni o‘qitishga ixtisoslashgan Nodavlat notijorat tashkilotlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etishlari mumkin. Bunda yoshlar va xotin-qizlarni biznes va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishni tashkil etish, ushbu o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yish maqsadidagi loyihalarini moliyalashtirilishini nazarda tutgan bo‘lishi lozim.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining tanlov hujjatlar to‘plami 2021 yil 20 oktyabr - 20 noyabr kunlari soat 10:00 dan 17:00 gacha (shanba, yakshanba dam olish kunlari hujjatlar qabul qilinmaydi) qabul qilinadi. Yakuniy qabul qilish muddati 2021 yil 20 noyabr. Belgilangan vaqtda taqdim etilmagan tanlov hujjatlari to‘plami qabul qilinmaydi.

Tanlov hujjatlari to‘plami Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi nomiga “O‘zbekiston pochtasi” yoki boshqa pochta vositalari orqali hamda tanlov ishtirokchilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshirilishi mumkin. Ishtirokchilarning tanlov hujjatlari to‘plami e’londa ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha muhrlangan konvertlarda (tanlovda ishtirok etish to‘g‘risidagi ariza tashqi konvert ustiga yelimlanadi) qabul qilinadi:

100027, Toshkent shahri, Qoratosh ko‘chasi, 1-uy, Banklar assotsiatsiyasi binosining 11-qavati. ade@mineconomy.uz.

Tanlovda ishtirok etish va tanlov hujjatlar to‘plami namunasini olish uchun talabgor Agentlikning quyidagi manzillariga murojaat qilishi lozim.

tel: (71) 238-69-33, (71) 238-69-00 (1-5025) (1-2800)

Elektron manzil: ade@mineconomy.uz.

Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun:

Veb-sayt: www.uzade.uz