Qozog'iston Respublikasi tadbirkorlikni rivojlantirish "DAMU" fondi va Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi o'rtasida hamkorlik bitimi imzolandi

27/05/2022 - 16:26 145

Joriy yilning 20-22 may kunlari Qozog'iston Respublikasi Nur-Sulton shahrida tashkil etilgan "Ulttyq Onim - 2022" ko'rgazmasida Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining xodimlari ishtirok etdi. Ko'rgazmaning ochilish marosimida Qozog'iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov, Milliy iqtisodiyot vaziri Alibek Kuantirov va boshqalar ishtirok etishdi.

 Shuningdek, ushbu ko'rgazmaga Turkiya, Belorussiya, Polsha, Mongoliya, Ozarbayjon, Qirg'iziston davlatlarining ham mutassadi tashkilot vakillari ham tashrif buyurishdi.

 "Ulttyq Onim" yirik ko'rgazmasi 2015-yildan buyon "DAMU" fondi tomonidan tashkil qilinib kelinmoqda. Ko'rgazma doirasida 300 ga yaqin qozog'istonlik ishlab chiqaruvchilar 12 ta sektsiyadan iborat pavilonda, mashinasozlik, kimyo, oziq-ovqat, yengil sanoat, hunarmandchilik, mebel va qurilish materiallari sanoati mahsulotlarini namoyish etishdi.

Bundan tashqari, Agentlik xodimlari "DAMU" fondining hamkor tashkiloti – Qozog'iston Respublikasining eng yirik banki "HALYK BANK" tomonidan tashkil etilgan o'quv seminarida ishtirok etishdi.

Agentlik va Qozog'iston Respublikasi tadbirkorlikni rivojlantirish "DAMU" fondi raisi G.A.Buribaeva o'rtasida hamkorlikni kengaytirish va kuchaytirish masalalari keng muhokama qilinib, kichik va o'rta tadbirkorlik subyektlarini qo'llab – quvvatlash (malaka almashish), tadbirkorlik sohasida o'quv dasturlari va biznes jarayonlarini amalga oshirish, eksportga yo'naltirilgan kichik va o'rta tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish kabi sohalarda birga ishlash yuzasidan o'zaro hamkorlik bitimi imzolandi.

Bundan tashqari, Polsha taraqqiyot fondi qoshidagi "BGK" bankining xalqaro biznesni moliyalashtirish bo'yicha eksperti Feliks Koberski, Turkiyaning "kichik va o'rta biznesni rivojlantirish agentligi "KOSGEB"" vise-prezidenti Bilal Kenderchi, Ozarbayjon, Mongoliya va qirg'izistonlik hamkasblar bilan kichik va o'rta biznesni rivojlantirish bo'yicha ushbu davlatlarda olib borilayotgan siyosat, biznesning davlat iqtisodiyotidagi tutgan o'rni haqida yaqindan tanishib, kelgusida hamkorlik qilish imkoniyatlari ko'rib chiqildi.