Endilikda Agentlik tomonidan subsidiyalar ajratilishi belgilandi

24/01/2022 - 19:20 1967

1. 2021-yilning 24-dekabrida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bilan 2022-yil 1-yanvardan boshlab bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan aholini tadbirkorlikka jalb qilish va o'qitish uchun subsidiyalar berish yo'nalishidagi vazifa va funksiyalari Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi jamg'armaga o'tkazilishi belgilandi.
Shunga ko'ra, 2021-yilning 30-dekabrdagi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Hunarmandchilik faoliyatini qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida" gi PQ-77-son qarorida aholini hunarmandchilikka jalb qilish tizimini takomillashtirish, "ustoz-shogird" an'analari asosida mahallalarda yoshlarga hunar o'rgatish va bandligini ta'minlash, shuningdek, kambag'allikni qisqartirish hamda hunarmandchilikni rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida ushbu qaror bilan aynan, Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg'armasi hisobidan 2022-yildan boshlab:
"usta-shogird" an'analari asosida yoshlarga hunar o'rgatayotgan hunarmandlarga — shogirdlar tayyorlashi, zarur xom ashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan ta'minlashi uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan kam bo'lmagan miqdorda;
shogirdlarga — mustaqil faoliyatini boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olishi, shuningdek, ustalarga — Internet saytlarini tashkil etish, o'z mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdoridan oshmaydigan qismiga subsidiyalar ajratish tartibi joriy etilishi belgilandi.

2. 2022-yilning 13-yanvardagi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Baliqchilik tarmog'ini yanada rivojlantirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-83-sonli qarorining 7 - bandiga asosan 2022-yil 1-apreldan boshlab 2025-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo'nalishi bo'yicha o'quv kurslarida o'qish xarajatlarini qoplash uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg'armasi mablag'lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobaridan oshmagan miqdorda bir martalik subsidiya ajratilishi belgilandi.